Sifatli ta’limni ta’minlash, barcha yoshdagi shaxslar uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, pedagoglarning psixologik salomatligini yaxshilash maqsadida, joriy yilning 6-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy Universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Umumiy psixologiya kafedrasi tomonidan Toshkent shahar Olmazor tumani 159-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Kasbiy stressni oldini olish” mavzusida psixologik trening mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy Universitetining Umumiy psixologiya kafedrasi mudiri, professor D.G. Muxamedova boshchiligida kafedra o‘qituvchilari D.I. Ilhamova, R.B. Kudratullayeva, D.S. Bozorova va ishtirok etdilar. Tadbir doirasida stajyor o‘qituvchi D.S. Bozorova maktab rahbariyati va pedagoglari ishtirokida “Stressiz faoliyat” mavzusida psixologik trening mashg‘ulotini olib bordi.
Trening mashg‘uloti pedagoglarning kasbiy faoliyatida uchraydigan stressni bartaraf etish, psixologik barqarorlikni oshirish, ta’lim jarayonida samaradorlikni ta’minlash va konfliktlarni konstruktiv hal etishga qaratildi. Mashg‘ulot davomida turli interaktiv psixologik mashqlar va kasbiy motivatsiyani oshirish usullari qo‘llanildi. Ishtirokchilar stressni boshqarishning samarali usullari bilan yaqindan tanishib, ushbu bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbirda qatnashgan pedagoglar treningning yuqori darajada tashkil etilganligini, olgan bilimlarini dars jarayonlarida qo‘llashlarini ta’kidlab o‘tishdi.