Eslatib o‘tamiz, O‘zbek filologiyasi fakultetining faxri bo‘lgan snayper qizimiz Shahnoza Mamajonova yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida para o‘q otish bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon kubogi musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu muvaffaqiyat nafaqat sport sohasida, balki yurtimizda nogironligi bo‘lgan insonlarga berilayotgan e’tiborning natijasi sifatida alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda keyingi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ta’lim tizimida ular uchun maxsus sharoitlar yaratilmoqda, sport va madaniyat sohalarida o‘z qobiliyatlarini namoyon etishlariga imkon beruvchi dasturlar amalga oshirilmoqda.
O’zMUda nogironligi bo‘lgan talabalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Universitetda maxsus o‘quv xonalari, liftlar va boshqa infratuzilmalar tashkil qilingan. Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilar nogironligi bo‘lgan talabalar bilan ishlashda qo‘shimcha yondashuvlar va moslashuvchan dars usullaridan foydalanadi. Shahnoza Mamajonova ushbu sharoitlar va qo‘llab-quvvatlovlar orqali o‘zining sportdagi yutuqlari bilan birga ilm-fan sohasida ham ulkan marralarga intilmoqda.
Hozirda Shahnoza mumtoz o‘zbek she’riyati vakillari Nodirabegim va Uvaysiy hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy izlanish olib bormoqda. Uning ilmiy rahbari, tajribali mutaxassis Dilrabo Qozoqboyeva unga bu yo‘lda yaqindan yordam bermoqda.
Shahnoza Mamajonova:
“Ba’zan yurtimiz sha’nini himoya qilish uchun xalqaro musobaqalardagi ishtirokim o‘qish vaqtimga to‘g‘ri kelib qoladi. Lekin shunga qaramay darslarni o‘zlashtirib borishga harakat qilaman. Meni tushunib, qo‘llab kelayotgan ustozlarimga minnatdorchilik bildiraman. Kelajakda o‘zbek mumtoz shoiralarimiz ijodini ilmiy-nazariy yoritib, jahonga olib chiqib tadbiq etishni niyat qilib qo‘yganman.”
Shahnozaning so‘zlari uning nafaqat sportdagi, balki ilm-fan va madaniyat sohasidagi ulkan yutuqlarga erishishga bo‘lgan qat’iyatini ko‘rsatadi.