Maxsus maktabda psixologik trening tashkil etildi

Sifatli ta’limni ta’minlash va barcha yoshdagi shaxslar uchun o‘qish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida, joriy yilning 5-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakultetining Umumiy psixologiya va Ijtimoiy psixologiya kafedralari vakillari Olmazor tumanidagi 100-sonli maxsus maktabga tashrif buyurib, psixologik trening mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar.

Uchrashuvda fakultet dekani Q.Q. Inaqov, Umumiy psixologiya kafedrasi mudiri D.G. Muxamedova, Ijtimoiy psixologiya kafedrasi mudiri O‘.B. Shamsiyev hamda kafedraning professor-o‘qituvchilari Markendudi M.A., Turgunova G.T., Valieva N.X. va Xamidova A.A ishtirok etdilar. Mazkur tashrif maxsus maktab jamoasi bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ta’lim jarayonlarini takomillashtirish va o‘quvchilarning emotsional sog‘lomligini ta’minlashga qaratildi.

Tadbir doirasida «Emotsional so‘nishni oldini olish» mavzusida psixologik trening mashg‘ulotlari tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlar o‘qituvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, o‘quvchilarni ta’limga bo‘lgan motivatsiyalarini mustahkamlash hamda ta’lim jarayonlarida innovatsion yondashuvlarni qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga qaratildi. Trening davomida maktab o‘qituvchilari o‘quvchilarida intellektual va psixologik barqarorlikni shakllantirish usullari bilan tanishtirildi.

Ushbu trening mashg‘ulotlari maktab o‘qituvchilari tomonidan iliq qarshi olindi. Ular treningning mashg‘ulotlari yuqori darajada tashkil etilganini qayd etib, ushbu mashg‘ulot davomida o‘z faoliyatlarida qo‘llash uchun foydali maslahatlar va yangi yondashuvlarga ega bo‘lganliklarini ta’kidladilar.

Scroll to Top