Tojikistonda Boʻlib Oʻtgan Rektorlar Ikkinchi Forumida Oʻzbekiston Delegatsiyasi Ishtirok Etdi

13-sentyabr kuni Tojikiston milliy universitetida Markaziy Osiyo davlatlari rektorlarining ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi. Markaziy Osiyoning 80 dan ortiq universitetlari rektorlari, ilmiy doira vakillari, professorlari qatori Forumda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektor va prorektorlaridan iborat delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Anjumanni Tojikiston Respublikasi Taʼlim va fan vaziri R. Saidzoda kirish soʻzi bilan ochib, davlatlarimiz ilmiy ziyolilari oʻrtasida muloqot oʻrnatish uchun yaratilgan imkoniyatlarning samarasi sifatida baholadi. R. Saidzoda tomondan bugungi tadbir Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining beshinchi maslahatlashuv kengashi doirasida tashkil etilayotganligi, xususan mazkur tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgani, keyinchalik uning doirasida Markaziy Osiyo rektorlari forumi oʻtkazish anʼanaga aylanib mintaqadagi ilmiy hamkorlik rivojlanishiga xizmat qilishini qayd etdi.
Shuningdek, Qozogʻiston Respublikasi Fan va oliy taʼlim vaziri S. Nurbek ayni hozirgi globallashuv jarayoni hamda siyosiy oʻzgarishlar boʻlayotgan vaqt aynan Markaziy Osiyo mintaqasini taʼlim “xab”iga aylantirish uchun imkoniyat ekanligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari S. Buzrukxonov Oʻzbekistondagi oliy taʼlim sohasidagi islohotlar toʻgʻrisida soʻzladi. U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning tashabbusiga muvofiq, kelgusi yili Oʻzbekistonda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” taʼlim vazirlari va rektorlarining uchrashuvini tashkil etish masalasini koʻrib chiqishni taklif etdi.
Forum ishtirokchilari “Oʻzgaruvchan dunyoda xalqaro taʼlim tendensiyalari: anʼana va innovatsiya” hamda — “Ilmiy-pedagogik hamkorlikni rivojlantirish koʻp madaniyatli taʼlim makonida xalqaro integratsiyaning omili sifatida” nomli shoʻbalarda oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.
OTM rahbarlari chiqishlarida Markaziy Osiyo davlatlari oliy taʼlim tizimining jahon taʼlim makoniga integratsiyalashuvi, universitetlararo hamkorlik strategiyasi, qoʻshma loyihalari yaratilishi va ularning muvaffaqiyatlarining muhim jihatlarini qayd etdilar.
Muzokaralar natijasida Oʻzbekiston OTMlari tomonidan turli yoʻnalishlarni qamrab oluvchi 20 dan ortiq Anglashuv memorandumi, Bitim va “Yoʻl xaritalari” imzolandi.
Anjuman doirasida U-2-U (Universitet-Universitet) formatida rektorlar uchrashuvi oʻtkazildi.

Scroll to Top