Bugun, 4-sentabr kuni, O’zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetida «O‘zbek-Polsha tarixiy tadqiqotlari: yutuqlar va istiqbol» nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiya doirasida Gdansk shahridagi Ikkinchi jahon urushi muzeyi direktori, professor – Gjegoj Berendt va ushbu tashkilot bosh mutaxassissi Dmitriy Panto, Belostok shahridagi Sibir xotirai muzeyi direktori, professor – Voytsex Sleshinskiy, Vitel Piletskiy instituti ilmiy bo‘limi bosh mutaxassisi – Yeji Rogozinskiylar O’zbekiston Milliy universitetga tashrif buyurishdi.
Ushbu xalqaro konferensiyani Polshaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Radoslav Gruk kirish so‘zi bilan ochib berdi. Elchi janoblari o‘z nutqida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida o‘tgan davr mobaynida, siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy, sarmoyaviy va sayyohlik sohalarida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida so‘zladi hamda ilm-fan va ta’lim sohasida olib borilayotgan hamkorlik aloqalari va ularni kengaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Shuningdek, anjumanni ochib berishda O‘zMU xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova ishtirok etib, konferensiya ishtirokchilariga universitet xalqaro aloqalari va ilmiy salohiyatiga doir ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tdi.
Anjuman davomida, “XXI asrda O‘zbek-Polsha tarixiy tadqiqotlar istiqboli”, “1867-1946-yillarda O‘zbekistonda polsha diasporasi shakillanishining o‘ziga xosligi”, “Diasporologiyaning O‘zbekistondagi ravnaqi” kabi mavzularda ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar o‘qildi va bahs-munozaralar olib borildi.