Bugun, 19 may kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalari bilan Fransiyaning Burj shahrida joylashgan Xalqaro Birdamlik va Taʼlim Jamiyati (A.S.I.E.) vakillari Alan Payen, Fransuaz Missa, Tyeri Missalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Xalqaro Birdamlik va Taʼlim Jamiyati asoschisi va aloqalarni rivojlantirish koordinatori Alan Payen, avvalo Fransuz filologiyasi professor-o‘qituvchilar bilan uchrashib turganidan mamnunligini izhor etdi. Talabalar bilan bo‘lgan muloqot jarayonida jamiyat tarixi va maqsadi haqida so‘zlab berdi. Jamiyatning ko‘ngilli aʼzosi Fransuaz Missa Xalqaro Birdamlik va Taʼlim Jamiyati (A.S.I.E.) tomonidan amalga oshirilgan loyihalarni talabalar eʼtiboriga taqdim etdi. Bundan tashqari, Alan Payen BMTning Barqaror Rivojlanish Maqsadlari dasturi doirasida atrof-muhitni himoya qilish va suvni tejash uchun qanday masʼuliyatli harakatlar amalga oshirish mumkinligi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida, jamiyat aʼzolari tomonidan fransuz mumtoz yozuvchilari kitoblari taqdim etildi. Shuningdek, talabalarning og‘zaki nutqini rivojlantirish borasida fransuzcha muloqot to‘garagi va Fransiya madaniyati haqida onlayn kurs darslarini o‘tish kabi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.