O’zMU talabasining “INKLYUZIV TA’LIM HAQIDA BILASIZMI?” nomli maqolasi

Inklyuziv ta’lim — barcha o‘quvchilar uchun maxsus ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning farqliligini inobatga olgan holda ta’lim muassasalarida ilm olishda teng huquqlilikni ta’minlashdir.

Bolalarning qobilyatlaridan va holatidan qat’i nazar ularning barchasiga sifatli ta’lim taqdim etilishi kerak. Bu ta’limda ko’proq o’qishda, o’rganishda imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlanadi. Umuman olganda , inklyuziv ta’lim umumiy ta’limni rivojlantirish jarayoni bo’lib, u barcha uchun ta’limning mavjudligini nazarda tutadi, bu alohida ehtiyojli bolalarning ta’lim olish imkoniyatini ta’minlaydi.
Nima uchun imkoniyati cheklangan bolalar o’z uylaridan, ota- onalaridan, yaqinlaridan uzoqda maxsus ixtisoslashtirilgan maktablarda o’qishlari kerak? Ularning ham o’z uylaridan, ota-onalarining bag’ridan o’z uylariga yaqin bo’lgan maktablarda ta’lim olishga haqlari bor.

Inklyuziv ta’limning maqsadi va vazifalari: Imkoniyati cheklangan bolalarning sog’lom bolalar qatorida erkin ta’lim olishi va bolalar o’rtasida o’zaro hurmat va hamjihatlikni shakllantirish va ularni ijtimoiy muhitdan uzilib qolmasligini ta’minlash.

Inklyuziv ta’limning imkoniyati cheklangan bolalar uchun afzalliklari:

Boshqa bolalar bilan teng ravishda jamiyatga qo’shilish qobiliyati;

Sifatli ta’lim olish hamda kelajakda Universitetlarda o’qish, o’zi xohlagan kasbni tanlash va mana shu kasb doirasida ishlash, jamiyatning to’laqonli va mustaqil a’zosi bo’lish imkoniyati;

Oddiy bolalar hamdardlik, sabr-toqat, bag’rikenglik kabi insoniy fazilatlarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo’ladilar;

Bolalarning ota-onlari uchun ham qulay bo’ladi. Farzandlari har doim o’zlarining nazoratlari ostida bo’ladi.

Inklyuziv ta’limning afzalliklari bo’lgani kabi kamchiliklari ham mavjud. Masalan: maxsus ehtiyojli bolalar uchun zarur bo’lgan pedagog, psixologlar hamda boshqa mutaxassislarning yetishmasligi, o’quv binolarining ehtiyojli bolalar imkoniyatidan kelib chiqqan holda jihozlanmaganligi, maxsus darslarning yetishmasligi va boshqalar.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, inklyuziv ta’limning zamirida INSON QADRI deb atalmish buyuk tuyg’u yotadi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: » Inson qadri barcha narsadan ulug».

Muallif: O’zbekiston Milliy Universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti » Sotsiologiya» yo’nalishi talabasi Hamrayeva Vasila Mirzohid qizi

Scroll to Top