Universitet Kengashida ustuvor vazifalar muhokama qilindi

O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi Universitet Kengashi yig‘ilishi o‘tkazilmoqda

Bugun, 29-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi Universitet Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur yig‘ilishda oliygoh faoliyatining turli yo‘nalishlariga oid muhim va dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda. Unda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda tegishli bo‘linmalar mas’ullari ishtirok etmoqda.

Yig‘ilish kun tartibidan ta’lim jarayonini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda universitet hayotiga doir bir qator tashkiliy masalalar o‘rin olgan. Shu bilan birga, oliygohda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi loyihalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan ham fikr almashilmoqda.

Yig‘ilish avvalida Kengash raisi, rektor Inom Madjidov so‘zga chiqib, universitet professor-o‘qituvchilari va barcha xodimlarini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida joriy yil davomida universitet jamoasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni alohida e’tirof etib, ularning fidokorona mehnati ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi.

Universitet Kengashida ustuvor vazifalar muhokama qilindi

Rektor, shuningdek, kelgusi yilda ham universitet jamoasi oldida turgan muhim vazifalar haqida to‘xtalib, ta’lim sifatini yanada oshirish, ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda xalqaro maydondagi nufuzni mustahkamlash borasida izchil ishlar davom ettirilishini qayd etdi. U barcha professor-o‘qituvchilar va xodimlarga yangi yilda mustahkam sog‘lik, omad hamda yangi yutuq va muvaffaqiyatlar tiladi.

Yig‘ilish davomida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli ma’ruzalar tinglanib, muhokamalar olib borilmoqda. Kengash yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Scroll to Top