“QS World University Rankings — 2025” natijalari tahlili
O‘zbekiston Milliy universiteti Kengashida ta’lim va ilmiy faoliyatga oid masalalar ko‘rib chiqildi
Bugun, 1-iyul kuni O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi universitet Kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda oliy ta’lim muassasasining ta’lim sifati, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga oid qator muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi. Kengash majlisida universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda tegishli bo‘linmalar mas’ullari ishtirok etdi.
Majlisni Kengash raisi, rektor Inom Madjidov ochib berdi. U o‘z nutqida universitet jamoasini muhim yutuq bilan tabriklab, O‘zbekiston Milliy universiteti dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari reytingi hisoblangan “QS World University Rankings — 2026” natijalariga ko‘ra kuchli 1000 talik universitetlar qatoridan joy olganini alohida ta’kidladi. Rektor bu natija universitet jamoasining izchil mehnati, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligi hamda ta’lim sifatini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijasi ekanini qayd etdi. Shuningdek, reyting natijalari batafsil tahlil qilinib, kelgusida universitetning xalqaro nufuzini yanada oshirish, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish davomida 2024/2025 o‘quv yilida universitet o‘quv-uslubiy kengashining faoliyati ham muhokama qilindi. Mazkur kengash tomonidan o‘quv jarayonini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, yangi o‘quv dasturlari va metodikalarni joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglandi. Shu bilan birga, kengash ishining samaradorligini yanada oshirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy-uslubiy salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Majlisda, shuningdek, universitet kafedralarining 2024/2025 o‘quv yilidagi faoliyati yakunlari ham ko‘rib chiqildi. Har bir kafedraning ta’lim jarayonidagi yutuqlari, ilmiy tadqiqot natijalari, xalqaro hamkorlik loyihalari hamda talabalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida olib borilgan ishlar tahlil qilindi. Ta’lim sifati va ilmiy faoliyat samaradorligini yanada oshirish maqsadida bir qator amaliy takliflar ilgari surildi.
Kengash kun tartibidagi muhim masalalardan biri ilmiy unvon va lavozimlarga tavsiya etish bilan bog‘liq bo‘ldi. Muhokamalar yakunida professor ilmiy unvoniga 4 nafar, dotsent ilmiy unvoniga esa 6 nafar nomzod tavsiya etildi. Bu esa universitetda ilmiy salohiyatni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Kengash majlisi yakunida kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Mazkur qarorlar universitetning ilmiy salohiyati va ta’lim sifatini yanada yuksaltirish, shuningdek, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.