O‘zbekiston Milliy universiteti vakillari Jizzax filialida talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti vakillari universitetning Jizzax filialiga tashrif buyurib, sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etdi. Mazkur uchrashuv talaba-yoshlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini tinglash hamda ta’lim jarayonini yanada takomillashtirishga qaratildi.
Ochiq muloqotda filial direktor maslahatchisi M. Xaydarov, Xotin-qizlar maslahati kengashi raisi I. Mamatqulova hamda filial psixologi K. Ergasheva ishtirok etdi. Uchrashuv davomida talabalarni qiynayotgan dolzarb masalalar, ta’lim jarayonida yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, sirtqi ta’lim shaklining o‘ziga xos jihatlari muhokama qilindi.
Muloqot davomida talabalar o‘z taklif va murojaatlarini ochiq bildirib, ta’lim sifati, dars jarayonlarini tashkil etish, axborot-resurslardan foydalanish hamda ijtimoiy faollikni oshirish masalalarida o‘z fikrlarini bildirdilar. Universitet vakillari tomonidan har bir masala atroflicha tinglanib, tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, sirtqi ta’limda tahsil olayotgan talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish mexanizmlari hamda ularning bandlik va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida filial psixologi tomonidan talabalar ishtirokida psixologik trening tashkil etildi. Trening davomida:
stressni boshqarish usullari,
samarali muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish,
shaxsiy motivatsiyani oshirish,
vaqtni to‘g‘ri taqsimlash
kabi mavzularda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mazkur trening talabalar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, ularning ruhiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qildi.
Jizzax filialida o‘tkazilgan ochiq muloqot talaba-yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim jarayonidagi faolligini oshirish hamda universitet rahbariyati bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘ldi.
Bunday uchrashuvlar O‘zbekiston Milliy universitetida talabalar manfaatlari ustuvor yo‘nalish ekanligini yana bir bor namoyon etdi. Talabalar bilan bevosita muloqot qilish, ularning ruhiy va ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga olish orqali ta’lim sifatini yanada oshirish imkoniyati yaratilmoqda.