"So‘z qudrati, tarix jasorati: Navoiy va Bobur" — ma’naviyatni ulug‘lovchi adabiy-badiiy kecha
So‘z mulkining sultoni – Alisher Navoiy
Tadbir davomida talaba-yoshlar buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning boy adabiy merosi, uning o‘zbek adabiy tilining rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritdilar. Navoiyning hikmatga boy ruboiylari, g‘azallari va asarlaridan namunalar ifodali tarzda o‘qildi. Uning insonparvarlik, ezgulik, ilm va ma’rifatni ulug‘lovchi g‘oyalari bugungi yoshlar tarbiyasida ham beqiyos ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Talabalar tomonidan sahnalashtirilgan chiqishlarda Navoiyning hayoti, ijodi va davlat arbobi sifatidagi faoliyati jonli tasvirlandi. Bu esa tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi va buyuk ajdodimiz siymosini yanada yaqinroq his etish imkonini berdi.
Shoh va shoir, sarkarda – Zahiriddin Muhammad Bobur
Tadbirning yana bir muhim qismi buyuk sarkarda, davlat arbobi va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlandi. Talabalar Boburning boy adabiy merosi, xususan, uning mashhur “Boburnoma” asari haqida ma’lumotlar berdilar. Ushbu asarda tarixiy voqealar, tabiat manzaralari va insoniy kechinmalar yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlangani ta’kidlandi.
Boburning jasorati, matonati, ilm-fan va san’atga bo‘lgan muhabbati yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi ekanligi qayd etildi. Talabalar tomonidan ijro etilgan she’rlar, sahna ko‘rinishlari va qo‘shiqlar orqali Bobur siymosi jonli ifodalandi.
Talabalar ijodida ma’naviyat va iste’dod uyg‘unligi
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy kechada fakultetning ma’naviy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha dekan o‘rinbosari, barcha kafedra mudirlari hamda Psixologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etdilar. Tadbir davomida iqtidorli va tashabbuskor talabalar o‘zlarining ruboiy, she’r, qo‘shiq, savol-javob, raqs va sahna chiqishlarini namoyish etdilar.
Talabalarning chiqishlari tadbirga o‘zgacha ruh va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa, sahna ko‘rinishlari orqali buyuk ajdodlarimiz hayotidan lavhalarning jonlantirilishi tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida adabiy-badiiy kechani tashkil etishda va unda faol ishtirok etgan talabalar tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bu esa yoshlarning ijodiy faolligini oshirish, ularni ilm-fan va adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishda muhim omil bo‘ldi.
«So‘z qudrati, tarix jasorati: Navoiy va Bobur» nomli ma’naviy-ma’rifiy kecha talaba-yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitishda, ularda milliy g‘urur va tarixiy merosimizga hurmat tuyg‘usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bunday tadbirlar yosh avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga, ilm olishga, ijod qilishga va Vatan ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilishga ruhlantiradi.