O‘zMUda yoshlar ongida halollik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, yoshlar ongida huquqiy madaniyat va halollik tamoyillarini mustahkamlashga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Tadbir Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, universitetning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, shuningdek, Talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi.
Mazkur suhbat 4-sonli Talabalar turar joyida o‘tkazilib, unda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahri Olmazor tuman bo‘limi boshlig‘i, adliya maslahatchisi Narzulla Xolto‘rayev, O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani Muzaffar Chorshanbiyev, tarbiyachi-pedagoglar hamda yuzlab talabalar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida talabalarga huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, korrupsiyaning shaxs, jamiyat va davlat hayotiga salbiy ta’siri, shuningdek, unga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish zarurligi haqida keng tushunchalar berildi. Mutaxassislar tomonidan sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, universitet ichki tartib qoidalariga rioya etish, zararli oqimlarga berilmaslik, ijtimoiy mas’uliyatni oshirishga oid tavsiyalar bildirildi.
Tadbir doirasida Jurnalistika fakulteti ta’lim-tarbiya maslahatchisi-tyutori Akbarjon Abduraimov tashabbusi bilan “Korrupsiya – millat zavoli” mavzusida huquqiy profilaktik uchrashuv ham tashkil qilindi. Unda talabalarga korrupsiya holatlarining oldini olish, halollik madaniyatini kuchaytirish, shuningdek, innovatsion yondashuvlar asosida antikorrupsiya g‘oyalarini amaliy hayotga tatbiq etish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, Yoshlar ittifoqi vakillari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida raqamli shaffoflik tizimlari, elektron murojaat platformalari, ochiq ma’lumotlar bazalarini kengaytirish va talabalar o‘rtasida “Halollik elchisi” klublarini tashkil etish kabi innovatsion g‘oyalar ilgari surildi.
Mazkur tadbir yoshlarni nafaqat huquqiy jihatdan ongli, balki halol, fidoyi va vatanparvar shaxs sifatida shakllantirishga xizmat qiladi. Universitetda bu yo‘nalishda muntazam ravishda profilaktik uchrashuvlar, tanlovlar va ma’rifiy loyihalar o‘tkazilib, korrupsiyasiz muhitni yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.