“Korrupsiya – kelajakka tahdid”: Yoshlar ittifoqi va O‘zMU hamkorligida halollik tamoyillariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida Yoshlar ittifoqi tashabbusi va universitet rahbariyati hamkorligida “Korrupsiya – kelajakka tahdid” mavzusida keng qamrovli davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlar ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, halollik va adolat tamoyillarini mustahkamlash hamda bu boradagi innovatsion yondashuvlarni ilgari surishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi vakillari, mahalliy kengash deputatlari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etdi. Tadbirni Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti rahbarlari ochib berib, korrupsiyaga qarshi kurashda yoshlarning faolligi va tashabbuskorligini oshirish muhimligini ta’kidladilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Anvarxon Temirov o‘z chiqishida korrupsiyaning davlat va jamiyat rivojiga salbiy ta’siri, uni bartaraf etish yo‘lida amalga oshirilayotgan qonuniy islohotlar, shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish zarurligini qayd etdi.

Tadbir davomida talabalarga korrupsiyaga qarshi kurashishda zamonaviy va innovatsion yondashuvlar – raqamli boshqaruv tizimlari, ochiqlik siyosati, “komplayens-nazorat” mexanizmlari hamda universitet miqyosida joriy etilayotgan halollik tamoyillari haqida batafsil ma’lumot berildi. Yoshlar ittifoqi vakillari esa korrupsiyaga qarshi kurashda talaba-yoshlarning ijodiy fikrlashini, yangicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligini alohida ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga deputatlar va mas’ullar tomonidan javob olishdi. Shuningdek, faol ishtirok etgan bir guruh talabalarga partiyaga a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur tadbir yoshlarning huquqiy ongi va fuqarolik mas’uliyatini yuksaltirish, korrupsiyasiz jamiyat barpo etishda ularning o‘rni naqadar muhimligini yana bir bor namoyon etdi.

Scroll to Top