Talaba-yoshlar klubi va “Antikorrupsiya bilimdoni” bellashuvi doirasida yangi tashabbuslar
O‘zbekiston Milliy universitetida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi huzuridagi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha talaba-yoshlar klubi faoliyatini yanada takomillashtirish, yoshlar orasida halollik va shaffoflik madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv tashkil etildi. Tadbir Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan universitet rahbariyati hamkorligida o‘tkazildi.
Uchrashuvda Yoshlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Jahongir Ruziyev, Komplayens-nazorat bo‘limi boshlig‘i Shuhrat G‘ulomov hamda bosh mutaxassis Murodjon Abdurahmonovlar so‘zga chiqib, oliy ta’lim tizimidagi korrupsion holatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish va yoshlar orasida halollik tamoyillarini chuqur singdirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdilar. Shuningdek, “Korrupsiyasiz soha” loyihasini universitet miqyosida joriy etish, elektron nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va ochiq boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir fikrlar ilgari surildi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar klubining fakultetlardagi yetakchilari o‘z faoliyatini tahlil qilib, yangi o‘quv yiliga mo‘ljallangan innovatsion g‘oyalar va tashabbuslarni muhokama qildilar. Xususan, korrupsiyaga qarshi targ‘ibot ishlarini interfaol usullar asosida olib borish, “Halollik elchisi” yoshlar tarmog‘ini kengaytirish, ijtimoiy tarmoqlar orqali halollik madaniyatini targ‘ib etuvchi kontentlar yaratish kabi g‘oyalar ilgari surildi.
Shuningdek, universitetda “Antikorrupsiya bilimdoni” mavzusida 11 ta fakultet jamoalari o‘rtasida bilimlar bellashuvi ham o‘tkazildi. Bellashuv Yoshlar ittifoqi va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi hamkorligida tashkil etilib, Nizom qoidalariga muvofiq test va yozma savol-javob bosqichlaridan iborat bo‘ldi.
Natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Ijtimoiy fanlar fakultetining “Yuristlar” jamoasi, 2-o‘rinni Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakultetining “Filologlar” jamoasi, 3-o‘rinni esa Fizika fakultetining “Stop korrupsiya” jamoasi egalladi.
Mazkur tadbir nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini chuqurroq o‘rganishga, balki talabalarning mustaqil fikrlashini, huquqiy ongini, halollikka sodiqligini oshirishga xizmat qildi. O‘zbekiston Milliy universitetida bundan buyon ham halollik, adolat va shaffoflik tamoyillariga asoslangan “Korrupsiyasiz ta’lim muhitini” shakllantirish bo‘yicha kompleks ishlar davom ettiriladi.