Universitetda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha profilaktik targ‘ibot tadbiri
O‘zbekiston Milliy universiteti Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakultetida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Olmazor tumani profilaktika inspektorlari, universitetning Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi mutaxassislari hamda fakultet rahbariyati ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi — yoshlar ongida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish hamda halollik tamoyillarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan talabalar uchun korrupsiyaning salbiy oqibatlari, uning jamiyat taraqqiyotiga, ta’lim sifati va adolat tizimiga yetkazadigan zararli ta’siri haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun hamda Prezident qarorlari mazmuni haqida tushunchalar berildi.
Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish uchun har bir fuqaro, xususan, talaba yoshlar o‘z huquq va burchlarini chuqur bilishi, qonunlarga hurmat bilan qarashi hamda adolat, halollik va mas’uliyat tamoyillariga sodiq bo‘lishi zarur.
O‘zbekiston Milliy universitetida korrupsiyaning oldini olish maqsadida “Komplaens-nazorat” tizimi faol ishlamoqda. Ushbu tizim doirasida universitetda barcha jarayonlar — o‘quv baholash, kontrakt to‘lovlari, stipendiya ajratish va kadrlar tanlovi kabi jarayonlar raqamlashtirilgan tizimlar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa inson omilini kamaytirish va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, fakultetda muntazam “Halollik soati”, “Huquqiy savodxonlik” mashg‘ulotlari, profilaktika inspektorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, talabalar o‘rtasida huquqiy madaniyat va halollik g‘oyalarini targ‘ib etish yo‘lida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Tadbir yakunida so‘z olgan mas’ullar korrupsiyaga qarshi kurashish — bu faqat davlat idoralari yoki rahbarlarning vazifasi emas, balki har bir fuqaroning burchi ekanini ta’kidlab, talabalardan jamiyat hayotida halollik va poklik tamoyillariga qat’iy amal qilishni so‘rashdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi korrupsiyaga qarshi kurashni ta’lim-tarbiya jarayonining ajralmas qismi deb biladi. Fakultetlarda olib borilayotgan targ‘ibot ishlari, raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlari va huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan tashabbuslar orqali universitetda halollik va adolat tamoyillari ustuvor qadriyat sifatida qaror topmoqda.