O‘zMUda “So‘z qizlarga” loyihasi: faol, bilimli va innovatsion fikrlaydigan ayol-qizlar uchun yangi maydon

O‘zbekiston Milliy universitetida yoshlar, ayniqsa, talaba-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning shaxsiy rivojlanishi va yetakchilik salohiyatini kuchaytirish maqsadida Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti va universitet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi hamkorligida “So‘z qizlarga” loyihasiga start berildi.

Mazkur loyiha O‘zMUda yosh ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy hayotdagi faolligini kuchaytirish va o‘z fikrini erkin ifoda eta oladigan, zamonaviy bilimga ega bo‘lgan, innovatsion qarashlarga ega yoshlarni yetishtirishni maqsad qilgan.

Tadbirning birinchi yig‘ilishida turli fakultetlarda tahsil olayotgan 100 dan ortiq faol talaba-qizlar ishtirok etdi. Uchrashuvda yoshlarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, gender tenglik, ayollarning ilm-fan va ta’lim sohasidagi muvaffaqiyatlari, shuningdek, zamonaviy kasb-hunar va liderlik ko‘nikmalari haqida so‘z yuritildi.

Loyiha doirasida davlat mukofoti sovrindorlari, Prezident granti sohiblari, nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari, sportchi va olim ayollar ishtirokida uchrashuvlar, master-klasslar, treninglar va motivatsion seminarlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu uchrashuvlar orqali yosh qizlarga o‘z sohasida muvaffaqiyat qozonish yo‘llari, ijtimoiy faollik va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish sirlarini o‘rgatish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, loyiha doirasida innovatsion g‘oyalar tanlovi, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Bu orqali O‘zMUda nafaqat ijtimoiy faollik, balki innovatsion tafakkurga ega, tashabbuskor, yetakchi qizlar safi yanada kengayadi.

Tadbir yakunida Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti rahbarlari va maslahat kengashi a’zolari tomonidan loyiha ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tilanib, ularning faol ishtiroki universitet hayotida yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “So‘z qizlarga” loyihasi yosh ayollarni jamiyatda faol pozitsiyaga ega bo‘lishga, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga undaydigan muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.

Scroll to Top