Universitet Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga moddiy yordam ko‘rsatildi

Universitet Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan yoshlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ularni ta’lim olish jarayonida qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va universitet ma’muriyati hamkorligida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy tavsiyanoma asosida to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning kontrakt summasining 35 foizini to‘lab berish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi. Mazkur tashabbus yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishini yanada kuchaytirish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilgan yigitlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan.

Tanlovda universitetning 13 ta fakultetidan 70 nafar talaba-yigit ishtirok etdi. Ishchi guruh tomonidan nomzodlarning hujjatlari chuqur o‘rganilib, 15 nafar eng yuqori natija ko‘rsatgan talabalarning arizalari ma’qullandi. Ushbu talabalar safida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilib, namunali xulq-atvori hamda bilimga bo‘lgan intilishi bilan ajralib turgan yoshlar bor.

Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti rahbari Ulug‘bek To‘xtayev boshchiligida tashkil etilgan ushbu tanlov natijasida, talabalarning kontrakt to‘lovining 35 foizi to‘lab berilishi ularning o‘qishni davom ettirishida katta qo‘llab-quvvatlov bo‘ldi. Bu kabi ezgu tashabbuslar yoshlar orasida vatanparvarlik, fidoyilik, mehnatsevarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, arizalar topshirish jarayoni 2025-yil 15-fevralga qadar davom etib, talabalarga bu borada fakultet yoshlar yetakchilari tomonidan batafsil ma’lumotlar berilmoqda.

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Milliy universitetida Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayonida teng imkoniyatlar yaratish yo‘lida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy ifodasidir.

Scroll to Top