Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan universitetda “Konstitutsiya olimpiadasi” o‘tkazildi
O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan yoshlar o‘rtasida huquqiy bilimlarni yanada mustahkamlash, ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda Konstitutsiyamiz mohiyatini chuqur anglashga undash maqsadida “Konstitutsiya olimpiadasi” tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi, Ijtimoiy fanlar fakulteti “Huquqiy fanlar” kafedrasi hamda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi.
Olimpiadaning asosiy maqsadi — talabalar va magistrlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi g‘oyalarini targ‘ib etish, shuningdek, Vatanparvar, huquqiy savodxon va mas’uliyatli yoshlarni tarbiyalashdan iboratdir.
Tanlov ikki bosqichda — test sinovlari va blits savol-javob shaklida o‘tkazilib, unda jami 116 nafar talaba va magistrlar faol ishtirok etdilar. Ishtirokchilar o‘z bilim va saviyalarini sinovdan o‘tkazish jarayonida Konstitutsiyaning asosiy tamoyillari, fuqarolik huquqlari va majburiyatlari, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimiga oid savollarga javob berishdi.
Baholash natijalariga ko‘ra, g‘oliblar quyidagicha aniqlandi:
1-o‘rin: Salohiddinov Elbek Azamat o‘g‘li, “Yurisprudensiya” yo‘nalishi, 1-kurs;
2-o‘rin: Abdujalilov Izzatbek Dilshodbek o‘g‘li, “Yurisprudensiya” yo‘nalishi, 3-kurs;
3-o‘rin: Nizomov Nurshod Nozim o‘g‘li, “Yurisprudensiya” yo‘nalishi, 1-kurs.
Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, Yoshlar ittifoqi vakillari yoshlarning huquqiy tafakkurini yuksaltirish, ularni qonun ustuvorligiga hurmat ruhida tarbiyalash — jamiyat taraqqiyotining muhim omili ekanligini ta’kidladilar.
Mazkur olimpiada nafaqat bilim sinovi, balki yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, Konstitutsiyamizni chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, shuningdek, universitetda sog‘lom raqobat va bilim muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.