universitetda “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” shiori ostidagi ertalabgi badantarbiya mashg‘ulotlari
Universitetda talabalarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faolligini oshirish hamda yoshlar orasida sport madaniyatini targ‘ib etish maqsadida “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” shiori ostida ertalabgi badantarbiya mashg‘ulotlari muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan, universitet rahbariyati va Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan.
Badantarbiya mashg‘ulotlarida talabalarning kunni sog‘lom, faol va ijobiy kayfiyatda boshlashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Unda universitetning Yoshlar ittifoqi jamoasi, fakultet yoshlar yetakchilari hamda talabalar turar joylarida istiqomat qiluvchi ko‘ngilli talabalar faol ishtirok etishmoqda.
Mashg‘ulotlar nafaqat jismoniy chiniqish, balki talabalarning o‘zaro do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, jamoaviy ruhni kuchaytirish va sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qilmoqda. Har kuni tongda o‘tkazilayotgan bu sport mashg‘ulotlari yoshlar orasida sog‘lom hayot tamoyillarini mustahkamlab, ularni faol, irodali va maqsad sari intiluvchi shaxslar sifatida tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda.
Tadbir davomida Yoshlar ittifoqi faollari tomonidan sog‘lom turmush tarzining afzalliklari, to‘g‘ri ovqatlanish, vaqtni unumli taqsimlash va jismoniy faollikning o‘qish jarayoniga ijobiy ta’siri haqida ma’rifiy suhbatlar ham olib borilmoqda.
O‘zbekiston Milliy universitetida bunday sog‘lomlashtiruvchi tashabbuslarning yo‘lga qo‘yilishi yoshlarning nafaqat bilimli, balki sog‘lom, chiniqqan va ma’naviy yetuk insonlar sifatida kamol topishiga xizmat qilmoqda.