Universitetda Yoshlar yetakchisi hisobot-saylov yig‘ilishi

Universitetda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan yoshlar yetakchisining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet birinchi prorektori Jabbor Muhammadiyev, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Shukurulloxon Anvarov, yoshlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi mas’ullar, fakultet dekanlari hamda faol talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Yig‘ilish avvalida o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Milliy universiteti Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot tinglandi. Unda yoshlar o‘rtasida ijtimoiy faollikni oshirish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, turli ma’naviy-ma’rifiy, sport va innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi lavozimi uchun nomzodlar muhokamasi o‘tkazildi va saylov jarayoni ochiq ovoz berish yo‘li bilan tashkil etildi. Natijaga ko‘ra, Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti 1-kurs magistranti Daler Safarov universitet yoshlar yetakchisi etib saylandi.

Tadbir davomida Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Shukurulloxon Anvarov yangi yetakchini tabriklab, unga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, u Yoshlar ittifoqining bugungi kundagi dolzarb vazifalari, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni har tomonlama rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z yuritdi.

Yig‘ilish yakunida yangi o‘quv yili davomida faoliyat olib boradigan yoshlar yetakchisi hamda fakultet va yo‘nalish koordinatorlariga “Ishonch yorlig‘i” tantanali ravishda topshirildi. Mazkur yorliq yosh yetakchilarning fidokorona mehnatini e’tirof etish, ularga ishonch bildirish hamda kelgusida yoshlar bilan ishlashda yanada samarali faoliyat yuritishlari uchun motivatsiya manbai sifatida xizmat qiladi.

Ushbu yig‘ilish O‘zbekiston Milliy universitetida yoshlar siyosatini yanada rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda talabalarning liderlik salohiyatini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Scroll to Top