“Intellektual mulk huquqi rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari: nazariya va amaliyot” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

Konferensiyaning asosiy maqsadi  intellektual mulk huquqini himoya qilish tizimini mustahkamlash, innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish, ilmiy kashfiyotlar va mualliflik huquqlarini samarali himoya qilish bo‘yicha milliy va xalqaro amaliyotni o‘rganishdan iboratdir.

Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan zamonaviy iqtisodiyotda intellektual mulkning o‘rni, raqamli muhitda mualliflik huquqini himoya qilish, sun’iy intellekt mahsulotlariga nisbatan huquqiy yondashuv, hamda global miqyosdagi qonunchilik tendensiyalari yuzasidan ilmiy tahlillar taqdim etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, Intellektual mulk agentligi, Adliya vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar vakillari, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar, magistrantlar, shuningdek, amaliyotchi yuristlar ishtirok etdilar.

Bundan tashqari, Shvetsiya, Polsha, Belarus, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar va olimlar ham o‘z ma’ruzalari bilan qatnashib, tajriba almashish jarayoniga o‘z hissasini qo‘shdi.

Konferensiya davomida quyidagi asosiy yo‘nalishlarda ilmiy ma’ruzalar va muhokamalar bo‘lib o‘tdi:

Intellektual mulk ob’yektlarini himoya qilishning milliy va xalqaro mexanizmlari;

Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar davrida mualliflik huquqining o‘zgaruvchan tamoyillari;

Innovatsiyalar va patentlash tizimini takomillashtirish yo‘nalishlari;

Ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish va ularni huquqiy himoya qilish masalalari;

O‘zbekiston qonunchiligini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish istiqbollari.

Ishtirokchilar bu yo‘nalishlarda dolzarb muammolar va yechimlar haqida o‘z fikrlarini bildirgan holda, intellektual mulkning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Xalqaro ekspertlar tomonidan Shvetsiya, Polsha, Belarus va Qirg‘izistondagi intellektual mulkni himoya qilish tajribalari, raqamli iqtisodiyot sharoitida huquqiy tartibga solish mexanizmlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tashkilotlarning ilg‘or amaliyotlari haqida ma’ruzalar taqdim etildi.

Ularning fikricha, O‘zbekiston intellektual mulk siyosatini takomillashtirish yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishgan bo‘lib, bu boradagi xalqaro hamkorlikning yanada kengaytirilishi mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyot rivojiga kuchli turtki beradi.

Konferensiya yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti hamda bir qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ular kelgusida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, talaba va mutaxassislar almashinuvi, hamda intellektual mulk huquqi yo‘nalishida malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonda intellektual mulk himoyasini kuchaytirish, sohadagi qonunchilikni xalqaro me’yorlarga moslashtirish, innovatsion faoliyatni rag‘batlantirishga doir amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top