“Barqaror iqtisodiy rivojlanish va ‘O‘zbekiston–2030’ strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakillari, O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati, mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, xorijiy universitetlar olimlari, shuningdek, doktorantlar, magistrlar va talabalar ishtirok etishdi.

Xususan, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya, Ozarbayjon, Polsha kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan ilmiy hamkorlar ham o‘z ma’ruzalari bilan qatnashishdi.

Konferensiyada iqtisodiyotni rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, iqtisodiy xavfsizlik, yashil iqtisodiyot va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Ishtirokchilar O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda “O‘zbekiston–2030” strategiyasining ahamiyatini chuqur tahlil qilib, iqtisodiy islohotlarni yanada jadallashtirish, sarmoya muhitini yaxshilash, xususiy sektorni rivojlantirish va xalqaro iqtisodiy integratsiyani kengaytirish borasida o‘z taklif va tavsiyalarini bildirishdi.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti hamda xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu esa iqtisodiy tadqiqotlar, qo‘shma ilmiy loyihalar va talabalarning xalqaro almashuv dasturlarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonning uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, ilmiy asoslangan iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirish bo‘yicha qator amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mazkur ilmiy anjuman mamlakatimizda iqtisodiy sohadagi ilmiy fikrlar almashinuvi, tajriba va yondashuvlarni birlashtirgan muhim maydonga aylandi.

Scroll to Top