O‘zMU Iqtisodiyot fakultetida ta’lim jarayonining innovatsion yondashuvlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya

Konferensiya davomida professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, doktorantlar va magistrantlar o‘z ilmiy-uslubiy ishlanmalari bilan ishtirok etdilar. Ular iqtisodiy fanlarni o‘qitishda ilg‘or pedagogik texnologiyalar, raqamli ta’lim vositalaridan foydalanish, interfaol metodlar samaradorligi hamda xalqaro tajribani milliy ta’lim tizimiga moslashtirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Anjumanda quyidagi yo‘nalishlarda fikr almashinuvlar bo‘lib o‘tdi:

“Iqtisodiyot nazariyasi” fanini o‘qitishda mualliflik yondashuvlari va yangi metodik ko‘rsatmalar;

Texnologik rivojlanish va jahon iqtisodiy tuzilmalaridagi o‘zgarishlar sharoitida iqtisodiy ta’limni modernizatsiya qilish;

“Milliy iqtisodiyot” kursining o‘ziga xos jihatlari va bakalavr hamda magistr tayyorlash samaradorligini oshirish masalalari;

Ta’limda kompetensiyaviy yondashuv asosida o‘quv dasturlarini takomillashtirish;

Rossiya jamiyatining qadriyatlar tizimi misolida “Milliy iqtisodiyot” kursini o‘qitish nazariyasi va metodologiyasi.

Mazkur masalalar doirasida iqtisodiyot fanlarini o‘qitishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro tajriba almashinuvi muhim yo‘nalish sifatida ta’kidlandi.

Konferensiyada Tver davlat universitetidan tashrif buyurgan olimlar va o‘qituvchilar o‘z ma’ruzalari orqali Rossiyada iqtisodiy fanlarni o‘qitishning ilg‘or metodikalari, innovatsion ta’lim texnologiyalari va raqamli ta’lim platformalari haqidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ular O‘zbekiston Milliy universitetining iqtisodiy ta’lim sohasidagi yutuqlarini e’tirof etib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etdilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, iqtisodiy fanlarni o‘qitishda ilmiy-uslubiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, iqtisodiy fanlarning amaliy ahamiyatini kuchaytirish va talabalarning innovatsion fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Scroll to Top