O‘zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakultetida “Uz-Kor Gas Chemical” vakillari bilan uchrashuv

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega polimer mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxona O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligida barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng ilg‘or texnologik ishlab chiqarish majmualaridan biri sifatida tan olingan.

Tadbir davomida korxona vakillari “Uz-Kor Gas Chemical”ning ishlab chiqarish quvvatlari, ekologik xavfsizlik tizimi, innovatsion texnologiyalarni joriy etish jarayonlari va xalqaro standartlarga mos mehnat sharoitlari haqida batafsil taqdimot o‘tkazishdi.

Uchrashuv jarayonida korxona vakillari talabalarga korxona tarkibida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari, shuningdek, ishga qabul qilish tartibi haqida aniq ma’lumotlar berishdi. Bitiruvchi talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, ishlab chiqarishdagi real ish jarayonlari bilan bog‘liq jihatlar haqida bevosita mutaxassislardan javob olish imkoniga ega bo‘lishdi.

Tadbir davomida “Uz-Kor Gas Chemical” kompaniyasida yosh mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, o‘quv-amaliyot dasturlari, malaka oshirish imkoniyatlari, ijtimoiy kafolatlar va turar joy masalalari haqida ham so‘z yuritildi.

Ushbu uchrashuv, ayniqsa, bitiruvchi kurs talabalari uchun katta amaliy ahamiyat kasb etdi. Ular o‘z kasbiy yo‘nalishlarini aniqlash, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish, mehnat bozori talablari haqida to‘liqroq tasavvur hosil qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

Kimyo fakulteti talabalari bunday uchrashuvlar nafaqat nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, balki kelajakdagi ish joylari haqida oldindan tayyorgarlik ko‘rish uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. 

O‘zbekiston Milliy universitetida muntazam ravishda yirik sanoat korxonalari, ilmiy markazlar va innovatsion tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, talabalar uchun amaliy bilim va tajriba almashish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.

Kimyo fakulteti dekanati bunday tadbirlar yoshlar bandligini ta’minlash, ularning kasbiy kompetensiyalarini oshirish va ilmiy salohiyatini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

 

Scroll to Top