O‘zMU talabasi — Osiyo chempionatida bronza medaliga sazovor bo‘ldi

Sportda yuksak natijalarga erishish — bu faqatgina iqtidor emas, balki kuchli iroda, qat’iyat va tinimsiz mehnatning mahsulidir. O‘zbekiston Milliy universiteti talabalarining xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlari esa nafaqat ular uchun, balki butun yurtimiz uchun ham faxr manbaiga aylanmoqda.

Shu kunlarda Vyetnamning Da-Nang shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yosh sportchilarimiz o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi. Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston Milliy universiteti Taekvondo va sport faoliyati fakulteti talabasi, milliy terma jamoa a’zosi Jahongir Xudoyberdiyev ham ishtirok etdi.

Quvonarlisi, Jahongir o‘zining ilk Osiyo chempionatidayoq 54 kg vazn toifasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, raqiblariga qarshi matonat bilan kurash olib bordi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Bu natija nafaqat yosh sportchimizning shaxsiy g‘alabasi, balki O‘zbekiston milliy terma jamoasining qit’a birinchiligidagi ilk medali bo‘lgani bilan ham ahamiyatlidir. Shubhasiz, bu tarixiy yutuq jamoamizning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun mustahkam zamin yaratadi.

O‘zbekiston Milliy universitetida yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ta’lim muassasasida o‘tkazilayotgan turli musobaqalar, sport to‘garaklari va murabbiylarning fidokorona mehnati natijasida talabalarning iqtidorlari yuzaga chiqmoqda va ular xalqaro maydonlarda ham o‘zlarini munosib namoyon etishmoqda.

Scroll to Top