O‘zMUda dzyudo bo‘yicha ochiq chempionat bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Milliy universitetida qator sport anjumanlari qatori dzyudo sport turi bo‘yicha ochiq chempionat ham o‘tkazildi. Ushbu musobaqa universitetning 106 yillik yubileyi munosabati bilan hamda “Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!” shiori ostida tashkil etilayotgan “Talabalar bahori — 2024” an’anaviy festivali doirasida o‘tkazildi.
Chempionatga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalaridan 200 nafardan ortiq talaba-sportchilar tashrif buyurib, o‘zaro kuch sinashishdi. Turnir davomida yoshlar o‘z mahoratlarini namoyish etibgina qolmay, sport orqali do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom turmush tarzining ahamiyatini yanada chuqur his etishdi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vakillari hamda universitet rahbariyati so‘zga chiqib, yoshlarni sportda faol bo‘lishga, intizom va irodali bo‘lib ulg‘ayishga undovchi nutqlar bilan chiqish qilishdi.
Musobaqa jarayonida talabalar yuqori mahorat, qat’iyat va g‘alabaga intilishlarini ko‘rsatib, qizg‘in bellashuvlar namoyish etishdi. G‘olib va sovrindor talabalar universitet tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur chempionat nafaqat dzyudo sporti bo‘yicha iste’dodli yoshlarni kashf etishga, balki talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular orasida sog‘lom raqobatni rivojlantirish va sportga bo‘lgan mehrini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.