OʻzMU talabasi xalqaro turnirda bronza medalni qoʻlga kiritdi
Sport – yoshlar tarbiyasida muhim omil bo‘lib, ularning jismoniy baquvvat, iroda va sabr-toqatli bo‘lishini ta’minlaydi. Shu ma’noda O‘zbekiston Milliy universiteti talabalarining xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari nafaqat ularning shaxsiy g‘alabasi, balki butun universitet va yurtimiz uchun faxrli natija sanaladi.
Joriy yilning 27–28-aprel kunlari Qirg‘izistonning Bishkek shahrida dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Xan Manas” IX xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Turnirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiyaning 2004–2006-yillarda tug‘ilgan eng iqtidorli sportchilari o‘zaro kuch sinashishdi.
Quvonarlisi, ushbu musobaqada O‘zbekiston Milliy universiteti Taekvondo va sport faoliyati fakulteti 1-bosqich talabasi Otabek Husanov ham munosib ishtirok etib, raqiblariga qarshi mahorat va qat’iyat bilan kurash olib bordi. Natijada, yosh sportchimiz o‘z vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Otabekning bu yutug‘i – uning tinimsiz mehnati, ustozlarining mashaqqatli tayyorgarlik jarayonlari hamda universitet rahbariyati tomonidan yoshlarga yaratilayotgan sharoitlarning samarasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari bugungi kunda nafaqat ilm-fan va ta’lim sohalarida, balki sportning turli yo‘nalishlarida ham yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Universitetda muntazam o‘tkazib kelinayotgan sport musobaqalari, to‘garaklar va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari yoshlarning qobiliyatini yuzaga chiqarib, ularga xalqaro arenalarda ham muvaffaqiyat qozonish imkonini bermoqda.