2025-yil 25–30-mart kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Taekvondo WT sport turi bo‘yicha eshitishda nuqsoni bor sportchilar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning turli davlatlaridan kelgan iqtidorli sportchilar o‘zaro kuch sinashdilar.
Quvonarlisi, chempionatda O‘zbekiston Milliy universiteti “Taekvondo va sport faoliyati” fakulteti 1-kurs magistranti Muhammad Usmonov yuksak mahorat va irodani namoyish etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi.
Bu muvaffaqiyat nafaqat universitet, balki butun yurtimiz sport sohasidagi yutuqlarga bo‘lgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlashning amaliy samarasidir. Muhammad Usmonovning bu g‘alabasi yosh sportchilarimizga ibrat bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, talaba-magistrantimiz mazkur g‘alaba orqali 2025-yili Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Surdlimpiya o‘yinlarida (eshitishda nuqsoni bor sportchilar musobaqasi) ishtirok etish yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.