“Talabalar bahori – 2023”: Milliy qadriyatlar va urf-odatlar jilosi

O‘zbekiston Milliy universitetida yurtimiz yoshlari uchun kutilgan va an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan “Talabalar bahori – 2023” festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!” shiori ostida o‘tkazilib, yoshlarning ijodiy salohiyati, tashabbuskorligi hamda milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatini namoyish etish uchun keng imkoniyat yaratdi.

Festivalning eng diqqatga sazovor jihati shundaki, barcha fakultetlar talabalar turar joylari kesimida O‘zbekistonning turli viloyatlariga xos urf-odatlar, milliy qadriyat va an’analarni namoyish etdilar. Har bir jamoa o‘z viloyatining boy madaniyatini, qadimiy an’analarini, milliy liboslari va kuy-qo‘shiqlarini sahnaga olib chiqdi. Natijada festival nafaqat badiiy ko‘rik, balki milliy qadriyatlarimizni bir makonda jamlagan madaniy sayilga aylandi.

Talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlarda qadimiy to‘y marosimlari, xalq og‘zaki ijodidan sahna ko‘rinishlari, milliy raqslar va qo‘shiqlar ijro etildi. Har bir fakultet o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, kattaga hurmat, kichikka izzat, tabiatga mehr kabi qadriyatlarini sahna orqali ifodalashga intildi. Tomoshabinlar turli viloyatlarga xos milliy liboslar, pazandachilik an’analari va san’at namunalari orqali xalqimiz madaniy merosining naqadar rang-barang va boy ekaniga yana bir bor guvoh bo‘ldilar.

Hakamlar hay’ati a’zolari barcha jamoalarning chiqishlarini baholab, eng sara ishtirokchilarni aniqladi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 6 ta jamoa g‘olib va sovrindor deb topildi. Ularning ijodi, milliy qadriyatlarni targ‘ib qilishdagi yondashuvi va badiiy saviyasi alohida e’tirof etildi.

“Talabalar bahori – 2023” festivali yana bir bor ko‘rsatdiki, yoshlarimiz milliy qadriyatlarni nafaqat biladilar, balki ularni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida faol ishtirok etmoqdalar. Bu kabi tadbirlar orqali talabalar o‘z iqtidorini namoyon etish bilan birga, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga mehr-muhabbat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini ham mustahkamlab boradilar.

 

Scroll to Top