Arnasoy – geografik turizm va ekoturizm moʻjizalari maskani
Bugungi kunda turizm nafaqat hordiq chiqarish vositasi, balki yoshlar uchun bilim va tajriba maktabiga aylanmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy universitetining bir guruh talaba-yoshlari Yoshlar turizm haftaligi doirasida “Arnasoy – geografik turizm va ekoturizm uchun moʻjizalar maskani” shiori ostida Jizzax viloyatining Arnasoy tumaniga sayohat uyushtirdilar.
Sayohat davomida talabalarga Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining geografik xususiyatlari, ekoturizm imkoniyatlari va tabiatni asrab-avaylashning ahamiyati haqida mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumot berildi. Yoshlar tabiat qo‘ynida amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, abraziya jarayonlarini o‘rgandilar, shamol tezligini anemometr yordamida o‘lchadilar, tuproqdan namunalar olib, uning namligi va haroratini tahlil qildilar. Bu ilmiy yondashuv yoshlarning ekologik tafakkurini shakllantirishga, tabiatga bo‘lgan mas’uliyat hissini kuchaytirishga xizmat qildi.
Arnasoy nafaqat geografik va ekologik jihatdan o‘ziga xos hudud, balki xalqimizning qadimiy qadriyatlari bilan ham chambarchas bog‘liq maskandir. Bu yurtning tabiati, uning ko‘llari va tog‘lari o‘zbek xalqining hayoti, og‘zaki ijodi va urf-odatlarida keng aks etgan. Sayohat davomida talabalar nafaqat ilmiy tajriba orttirdilar, balki mahalliy aholi hayoti bilan tanishib, ularning qadimiy mehnat anʼanalari, ovqat tayyorlash usullari va mehmondo‘stlik qadriyatlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, bevosita his etdilar.
Bunday sayohatlar yoshlarni tabiatni qadrlashga, milliy merosni asrab-avaylashga undaydi. Tabiat qo‘ynida o‘tkazilgan bu turdagi amaliy mashg‘ulotlar nafaqat ilmiy ko‘nikmalarni mustahkamlaydi, balki yoshlar qalbida ona-Vatanga mehr, milliy qadriyatlarga hurmat va g‘ururni yanada kuchaytiradi.