Milliy qadriyatlar sayli – millatning o‘zligini anglash va kelajak avlodga yetkazish saboqlari
Adiblar xiyobonida “Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishining 35 yilligi” munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalari hamkorligida keng ko‘lamli “Milliy qadriyatlar sayli” madaniy-maʼrifiy tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir mamlakatimiz yoshlarini milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni o‘z tarixiy ildizlari va ma’naviy merosiga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan.
O‘zbek xalqi qadimdan o‘zining boy madaniyati, og‘zaki ijodi, urf-odatlari va sanʼati bilan ajralib turgan. Qadriyatlar – bu nafaqat o‘tgan avlodlarning boy merosi, balki bugungi kun yoshlari uchun ham hayot maktabidir. “Milliy qadriyatlar sayli”da o‘tkazilayotgan sahna ko‘rinishlari, adabiy chiqishlar, milliy liboslar namoyishi va badiiy dasturlar ana shu bebaho merosni keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi – bu xalqimizning milliy o‘zligini tiklash, ma’naviyatini boyitish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Tilda ifoda etiladigan xalq donoligi, qadimiy dostonlar, maqollar va qo‘shiqlar yoshlarning tafakkurini boyitib, ularni milliy g‘urur va iftixor bilan yashashga undaydi. Tadbir davomida talabalar va ijodkor yoshlar tilimizning jozibasi, boyligi va go‘zalligini kuylovchi she’r va chiqishlari bilan barchaga katta taassurot qoldirmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlarni milliy qadriyatlarni qadrlashga o‘rgatish, ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalashdir. Milliy urf-odatlar, qadimiy sanʼat namunalarini sahnada qayta tiklash, qadimiy kuy-qo‘shiqlarni jonli ijroda eshittirish yoshlarga katta ruhiy ozuqa bo‘lib xizmat qilmoqda.Bugun globallashuv jarayonida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va uni yosh avlodga yetkazish har qachongidan ham muhim.