“Forishga sayohat qil!” shiori ostida turizm forumi o‘tkazildi

2023-yil 20–21-iyun kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan Jizzax viloyati Forish tumanida “Forishga sayohat qil!” shiori ostida yirik turizm forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum doirasida bir qator ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan:

“Etnografik turizm” bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursi,

“Forish–Nurota–Mojrum turistik obyektlarida mehmonxona servisi va gastroturizmning dolzarb masalalari” mavzusida seminar-trening.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati, Jizzax viloyati turizm boshqarmasi vakillari, Forish tumani hokimligi mutasaddilari, mahalliy mehmonxonalar va ovqatlanish maskanlari egalari hamda turizm sohasi mutaxassislari faol ishtirok etdilar.

 Seminar-trening davomida O‘zMU prorektorlari Ravshan Musurmonov, Shuhrat Toshmatov, Jabbor Muhammadiyev, Yoqub Ergashov, Vali Yodgorov, shuningdek Forish tumani hokimi o‘rinbosari E.Ummatova, tarix fanlari doktori, professor Akbar Bobobekov hamda “Uxum”, “Mojrum”, “Do‘stlik” mahallalari mas’ullari so‘zga chiqib, Forish tumanining turizm imkoniyatlari, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 Forum doirasida O‘zMU jamoasi Forish tumanining tabiiy va tarixiy qadamjolariga ham tashrif buyurdi. Mojrum qishlog‘ida joylashgan ulkan archa daraxti hamda Uxum qishlog‘idagi 600 yillik qadimiy yong‘oq daraxti mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

 Ayniqsa, “Nurota” davlat qo‘riqxonasi hududida qadimiy masjid xarobalari yonida o‘sib turgan ulkan archa o‘zining beqiyos go‘zalligi bilan mahalliy va xorijiy sayyohlarni o‘ziga maftun etmoqda. Mazkur daraxtning tanasi diametri qariyb 24 metr, balandligi esa 20 metrni tashkil etadi. U dunyodagi eng yirik igna bargli daraxtlardan biri hisoblanadi. Mahalliy aholining rivoyatlariga ko‘ra, bu daraxtning yoshi taxminan uch ming yilni tashkil etadi.

Mazkur turizm forumi Forish tumanining boy tarixiy merosi, tabiiy go‘zalliklari va turizm salohiyatini keng ommaga tanitish, shuningdek, hududda barqaror turizmni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Scroll to Top