O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti hamda Jizzax viloyati Forish tumani hokimligi hamkorligida yirik ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etildi.

Tarix fakultetining 90 yillik yubileyi munosabati bilan Forish tumanining Ana-Muna qishlog‘ida bir qator ma’rifiy va ilmiy tadbirlar — seminar-treninglar va davra suhbatlari o‘tkazildi. Mazkur tadbirlar Tarix fakultetining Arxeologiya va etnologiya kafedrasi tashabbusi hamda Forish tumani hokimligining ko‘magi bilan amalga oshirildi.

Tadbirlar ikki yo‘nalishda olib borildi:

  1. “Uy muzeylarning turizmdagi roli: tarixiy xotira va madaniy merosni saqlash” mavzusida seminar-trening;

  2. “Arxeologik va tarixiy yodgorliklarni muzeylashtirish: tajriba va istiqbol” mavzusida davra suhbati.

Seminar-treninglarda soha mutaxassislari, olimlar, talabalar hamda mahalliy faollar ishtirok etib, muzey turizmining zamonaviy yo‘nalishlari — etnoturizm, arxeoturizm va ekomuzeylar borasida qiziqarli ma’ruzalarni tingladilar. Shu bilan birga, turizmning hududiy rivojlanishdagi o‘rni, uy muzeylari orqali tarixiy xotirani asrab-avaylash va yosh avlod ongida milliy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida bahs-munozaralar ham tashkil etilib, unda ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirish, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Davra suhbatlarida arxeologik va tarixiy yodgorliklarni muzeylashtirishning bugungi tajribasi va kelgusidagi istiqbollari, shuningdek, bunday tashabbuslarning turizm rivojiga qo‘shadigan hissasi alohida e’tirof etildi.

Ilmiy-ma’rifiy mashg‘ulotlardan tashqari, tadbir dasturiga sport musobaqalari ham kiritildi. Musobaqalarda talabalar va yoshlar faol qatnashib, do‘stona muhitda kuch sinashdilar. Tadbir yakunida faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Mazkur tadbirlar nafaqat fakultet yubileyining munosib nishonlanishi, balki ilmiy hamkorlik, madaniy merosni asrab-avaylash va turizm sohasida yangi tashabbuslarni amalga oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Scroll to Top