Yoshlar akademiyasi forumi o‘tkazildi

Joriy yilning 20-may sanasida O‘zbekiston Milliy universitetida “Yoshlar akademiyasi forumi” o‘tkazildi. Tadbirda yoshlarni ilm-fan, innovatsiyalar va tadbirkorlik sohalarida rag‘batlantirish, ularning yangi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va bilimlarini oshirish maqsadida turli seminarlar, treninglar va tanlovlar tashkil etildi.

Tadbirni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov ochib berdi. U o‘z nutqida yoshlarning ilmiy ishlari, yangi tashabbuslari va innovatsion loyihalarini amalga oshirishda universitet rahbariyati doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, u forum ishtirokchilariga omad tilab, bu kabi tadbirlar faol talabalar o‘rtasida o‘zaro bilim almashish, yangi g‘oyalarning shakillanishi hamda ilmiy ishlarning amaliyotga tadbiq etilishi uchun yaxshi bir platforma sifatida xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Forum davomida malakali spikerlar tomonidan seminar-treninglar o‘tkazildi. Seminar mashg‘ulotlarda yoshlar uchun ilmiy ishlarni amalga oshirishda ishlatiladigan zamonaviy texnologiyalar haqida ma’lumot berilib, innovatsion fikrlashga rag‘batlantirildi. Shuningdek, tadbirda muvaffaqiyatga erishgan iqtidorli talabalar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, seminar ishtirokchilariga amaliy maslahatlar berdilar. Seminar davomida yoshlarga o‘z ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tadbiq etish uchun investitsiyalar jalb etish yo‘llari ham ko‘rsatildi.

Forum doirasida ikki muhim tanlov o‘tkazildi. Birinchisi – “Ideaton” tanlovi bo‘lib, bu tanlovda ishtirokchilar o‘z innovatsion g‘oyalarini yoki ilmiy loyihalarini taqdim etdilar. Ikkinchi tanlov esa “Ayollar biznesiga birinchi qadam” deb nomlanib, ushbu tanlov ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik sohasida o‘z ishlarini boshlashda yordam berishga qaratildi.

Forum yakunida “Ideaton” va “Ayollar biznesiga birinchi qadam” tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirning umumiy ahamiyati shundaki, u yoshlarni ilm-fan, innovatsiya va tadbirkorlik sohasiga jalb etish, ularning g‘oyalarini amalga oshirishga yordam berish va yangi imkoniyatlar yaratish uchun muhim platforma bo‘ldi. Forum nafaqat yoshlarning ilmiy va amaliy bilimlarini oshirishga xizmat qildi, balki ularning ijtimoiy faollikka jalb qilishga ham xizmat qildi.

Scroll to Top