O‘zbekiston Milliy universitetida talabalar ishtirokida profilaktik davra suhbati tashkil etild

Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi, Biologiya, Geografiya va geoaxborot tizimlar, Matematika hamda Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakultetlarida tegishli mas’ullar ishtirokida profilaktik davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda rektor maslahatchisi J.Ruziyev, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Sh.Gʻulomov hamda profilaktika katta inspektori, podpolkovnik A.Abdulhaqov faol qatnashdilar.

Davra suhbati davomida talabalarga yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar iste’moli, turli ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etmaslik, shuningdek, korrupsion holatlardan saqlanish bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Ushbu mavzular nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy va axloqiy jihatdan ham tushuntirildi, talabalarga xavfsiz va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, davra suhbati davomida favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlarga tayyorgarlik masalalari keng muhokama qilindi. Talabalarga suv toshqini, sel, qor ko‘chkisi, tosh ko‘chkisi va boshqa tabiiy ofatlar oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflardan qanday himoyalanish, xavfsizlik choralarini ko‘rish, muammolarni oldindan aniqlash va hamkorlikda samarali rejalashtirish usullari tushuntirildi. Bu esa talabalarni iqlim o‘zgarishiga moslashish, favqulodda vaziyatlarga tayyor bo‘lish va atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashishga undadi.

Davra suhbati yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni so‘rab, mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar olishdi. Tadbir nafaqat huquqiy va ekologik madaniyatni oshirishga, balki yoshlarni iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlarga tayyorgarlik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlashga xizmat qildi.

Scroll to Top