Ekologik masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 20-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya va ekologiya fakultetida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, hududlardagi mavjud muammolarni aniqlash va ularning samarali yechimlarini ishlab chiqish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining bosh mutaxassisi Asror Daminov, fakultet dekani Rustam Allaberdiyev, kafedra mudirlari va boshqa mas’ul xodimlar ishtirokida bo‘ldi.

Uchrashuv davomida hududlardagi ekologik muammolar, ularning sabab va oqibatlari hamda barqaror yechimlarni ishlab chiqish masalalari batafsil muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, ekologik masalalar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion yondashuvlarni kuchaytirish, talabalar va ilmiy xodimlar bilan hamkorlikda hududiy monitoring tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirdilar. Bu esa universitetning iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlarga tayyorgarlik bo‘yicha faoliyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yuqoridagi masalalar yuzasidan fakultet professor-o‘qituvchilariga taklif va tavsiyalar ishlab chiqish vazifalari yuklatildi. Shuningdek, bakalavr, magistr va doktorantlarning ilmiy tadqiqot ishlari hududlardagi ekologik muammolarni hal etishga qaratilishi belgilandi. Bu nafaqat ilmiy salohiyatni rivojlantirish, balki mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash va favqulodda vaziyatlarga tayyorlikni oshirishga muhim hissa qo‘shadi.

Uchrashuv yakunida ekologik masalalarga doir kelgusidagi ilmiy-tadqiqot rejalar va fakultetning strategik vazifalari belgilab olindi, shuningdek, yosh olimlar va talabalarni hududlardagi amaliy ishlar bilan yaqindan tanishtirishning ahamiyati ta’kidlandi. Bu esa talabalarni iqlim o‘zgarishiga moslashish, hududiy monitoring va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlashga yordam beradi.

Scroll to Top