“Yangi O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi

Joriy yilning 6-dekabr sanasida O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali tomonidan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari A. O‘ralov ochib berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatori J. Bobanazarova konferensiya ishtirokchilariga o‘z tabrigini yo‘lladi.

Tadbir davomida Toshkent Gumanitar fanlar universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori B.O. Tursunov, Sambhram universiteti professorlari Dr. K. Srinivasan va Dr. Dilli Samadhilar o‘z ma’ruzalari bilan faol qatnashdilar. Ma’ruzalar davomida ishtirokchilar ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanishning turli yo‘nalishlari bilan bir qatorda, iqlim o‘zgarishi va ekstremal ob-havo sharoitlariga tayyorgarlik, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, shuningdek, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik ta’sirini kamaytirish bo‘yicha innovatsion yechimlarni muhokama qildilar.

Shuningdek, Toshkent Gumanitar fanlar universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar va amaliy loyihalarni amalga oshirish imkonini yaratadi, universitetlar o‘rtasida barqaror hamkorlikni mustahkamlaydi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy anjuman nafaqat yosh tadqiqotchilar va ilmiy xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanish hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minladi, balki iqlim o‘zgarishiga qarshi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va rejalashtirish maqsadiga mos ravishda, jamiyat va hududlar barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shdi.

Scroll to Top