“Qish mavsumiga tayyorgarlik” Shiori ostida talabalar va yoshlar uchun profilaktik tadbir tashkil etildi
Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filialining “Amaliy matematika” fakulteti hamda Favqulotda vaziyatlar vazirligi va Jizzax hudud gaz ta’minoti hodimlari hamkorligida talabalar va viloyat yoshlari o‘rtasida qish mavsumida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish va is gazi dan zaharlanishning oldini olish maqsadida joylarda profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Mazkur tadbir nafaqat talabalarni va yoshlarni shaxsiy xavfsizlik qoidalari bilan tanishtirish, ularni favqulodda vaziyatlarda ongli va tezkor harakat qilishga o‘rgatishga xizmat qildi, balki shahar va universitet hududida yuz berishi mumkin bo‘lgan iqlim bilan bog‘liq favqulodda holatlar, jumladan sovuq ob-havo, is gazidan zaharlanish, yong‘in va boshqa xavflarga tayyorgarlikni mustahkamlashga hissa qo‘shdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi, xavfli holatlarni aniqlash va ularga tezkor javob berish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil qilindi. Shu bilan birga, yoshlar iqlim o‘zgarishi va ekstremal ob-havo sharoitlarining inson hayoti va atrof-muhitga ta’siri haqida bilimga ega bo‘ldilar hamda jamiyatda favqulodda vaziyatlarga qarshi barqarorlikni ta’minlashning ahamiyatini chuqurroq tushundilar.
Ushbu profilaktik tadbir nafaqat shaxsiy va jamiyat xavfsizligini ta’minlashga, balki universitet va viloyat yoshlarini iqlim bilan bog‘liq xavf-xatarlarga tayyorlash va ularni boshqarish bo‘yicha malaka va ongini oshirishga xizmat qildi.