SPHERE loyihasi: O‘zbekistonda barqaror transport va yashil kelajak sari qadam
2024-yil 27-avgust kuni Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida professor S. Usmanov tashabbusi bilan ADM Jizzakh va BYD Uzbekistan Factory mutaxassislari ishtirokida Erasmus+ SPHERE xalqaro loyihasiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda professor-o‘qituvchilar loyiha maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berib, ishtirokchilarning savollariga javob berishdi. Shuningdek, transport sohasi vakillari uchun maxsus so‘rovnoma ham o‘tkazildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi – universitet va sanoat korxonalari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish, barqaror transport yoʻnalishida kadrlar tayyorlash jarayonini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda SPHERE loyihasi imkoniyatlarini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat boʻldi. Ishtirokchilar transport tarmoqlarida yashil texnologiyalar, energiya tejamkorligi, xavfsizlik va raqamli yechimlarni ta’lim dasturlariga integratsiya qilish masalalarini muhokama qildilar.
Ma’lumot o‘rnida SPHERE (29.02.2024 – 27.02.2027) – Oʻzbekistonda oliy ta’limni barqaror transport sohasiga yoʻnaltirish orqali yashil kelajak sari qadam tashlashni maqsad qilgan mintaqalararo tashabbusdir. Loyiha umumiy byudjeti €799,075 bo‘lib, shundan €414,877 Oʻzbekiston uchun ajratilgan.
Loyiha doirasida quyidagi natijalarga erishish rejalashtirilgan:
- 6 ta Yevropa standartlariga mos bakalavr/magistr dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
- Amaliy ta’lim uchun 6 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etish;
- 180+ transport sohasi mutaxassislari uchun treninglar oʻtkazish;
- 5 ta (4 bakalavr, 1 magistr) o‘quv dasturining akkreditatsiyasini
qo‘llab-quvvatlash.