O‘zbekiston Milliy Universiteti Jizzax filialida “Chiqindisiz dunyo va qushlarni asrash - kelajagimiz uchun mas’uliyat” shiori ostida tadbir tashkil etildi
Joriy yilning 30-mart kuni Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida Amaliy matematika fakulteti “Biotexnologiya” kafedrasi professor-oʻqituvchilari hamda talabalari tashabbusi bilan mamlakatimizda nishonlanayotgan “Chiqindisiz dunyo uchun xalqaro kuni” hamda 1-aprel- “Xalqaro qushlar kuni” munosabati bilan keng qamrovli tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida “Oʻzbekiston yoshlari chiqindisiz dunyo uchun” shiori ostida plogging aksiyasi oʻtkazildi. Mazkur ekologik tashabbus nafaqat yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qildi, balki ularni atrof-muhitga e’tiborli boʻlishga, chiqindilarni kamaytirishga va ekologik tozalikka hissa qoʻshishga undadi.
Shuningdek, tadbir davomida talabalar Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qushlarni muhofaza qilish, ularning yashash muhitini saqlab qolish bo‘yicha amaliy va nazariy bilimlarga ega bo‘lishdi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan oʻtkazilgan ma’ruzalar chogʻida mamlakatimiz ornitofaunasining boyligi, ya’ni 22 turkumga oid 470 dan ortiq qush turi mavjudligi, shuningdek, ularning 51 turi Qizil kitobga kiritilgani haqida qimmatli ma’lumotlar berildi.
Tadbirning ahamiyati shundaki, u talabalar qalbida tabiatni asrash va ekologik muammolarga befarq boʻlmaslik hissini uygʻotdi. Yoshlar uchun bu nafaqat nazariy bilim, balki amaliy faoliyat orqali ekologik ongni mustahkamlash imkoniyatini yaratdi.