O‘zbekiston Milliy universitetida “Uzbek Leasing International A.O.” kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning 30-oktabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rektori Inom Majidov, “Uzbek Leasing International A.O.” kompaniyasi rahbari va fakultetning faxriy bitiruvchisi Zafar Mustafayev, shuningdek, tegishli sohalar bo‘yicha prorektorlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida universitet va kompaniya o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda barqaror rivojlanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga xizmat qiluvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilandi.
Uchrashuv doirasida “Uzbek Leasing International A.O.” kompaniyasi tomonidan Iqtisodiyot fakultetida kapital ta’mirdan chiqarilgan va zamonaviy texnika vositalari bilan to‘liq jihozlangan yangi auditoriya foydalanishga topshirildi. Ushbu auditoriya nafaqat dars mashg‘ulotlari, balki amaliy treninglar, seminarlar va turli ilmiy loyihalarni o‘tkazish uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi. Xususan, talabalarning yashil iqtisodiyot, energiya samaradorligi va ekologik boshqaruv bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida universitet rektori Inom Majidov fakultetda talabalarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. U yangi auditoriyani ham ko‘rib chiqib, bunday tashabbuslarning ta’lim jarayonidagi o‘rni beqiyos ekanini, ular yoshlarning raqobatbardosh va yetuk mutaxassislar bo‘lib kamol topishida, hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Mazkur hamkorlik universitet va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, talabalarni amaliy faoliyatga tayyorlash, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish va shu orqali barqaror kelajak uchun mas’uliyatli kadrlar tayyorlash yo‘lidagi navbatdagi samarali qadam bo‘ldi.