O‘zbekiston Milliy universitetida Huawei kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston Milliy universitetida xalqaro miqyosda faoliyat yuritib kelayotgan Huawei kompaniyasi vakillari – Lobar Mirzayeva va Muslima Yo‘ldosheva mehmon bo‘lib, talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi.

Mazkur uchrashuvda universitet Raqamli va axborot texnologiyalari markazi direktori Ulug‘bek Musurmanov, shuningdek, Algoritmlar va dasturlash texnologiyalari kafedrasi mudiri Uchqun Adambayev ham ishtirok etdi.

Muloqot davomida talabalar uchun Huawei ICT Academy faoliyati, uning imkoniyatlari va ta’lim dasturlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, yaqin kunlarda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan yirik xalqaro tanlov – ICT Competition global IT musobaqasi haqida ham batafsil tushuntirishlar berildi.

Ishtirokchilar tanlovning mazmun-mohiyati, unda qatnashish tartibi va ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni o‘zlashtirishdi. Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, “Huawei” vakillaridan amaliy javoblar olishdi.

Mazkur tadbir yoshlarning raqamli texnologiyalar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini kengaytirish bilan birga, xalqaro tanlovda barqaror rivojlanish tamoyillari va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga xizmat qiluvchi innovatsion texnologik yechimlarni targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi. Bu esa, raqamli innovatsiyalar orqali energiya samaradorligini oshirish, ekologik monitoring tizimlarini rivojlantirish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan loyihalarni rag‘batlantirish imkonini beradi.

Scroll to Top