O‘zbekiston Milliy universitetida “Butunjahon ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash kuni” munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi

O‘zbekiston Milliy universitetida Xotin-qizlar kengashi, O‘zbekiston Onkologlar Assotsiatsiyasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamkorligida 15-oktyabr – “Butunjahon ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash kuni” munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi – jamiyatda, xususan, ayollar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash, oldini olish va samarali davolash masalalariga e’tibor qaratishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda ko‘krak bezi saratonini davolash sohasida katta tajribaga ega yetuk mutaxassis-shifokorlar – tibbiyot fanlari doktori, professor Abduvoxid Xodjayev, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsentlar Lola Zokirova va Anvar Tuychiyevlar ishtirok etib, ushbu kasallikning kelib chiqish sabablari, xavf omillari, erta tashxislash usullari va zamonaviy davolash uslublari haqida atroflicha ma’ruza qildilar.

Ma’ruzachilar o‘z so‘zlarida ko‘krak bezi saratoni bugungi kunda dunyo miqyosida ayollar salomatligi uchun eng jiddiy tahdid bo‘lib qolayotganini, ammo uni erta aniqlash orqali kasallikni samarali davolash imkoniyati yuqoriligini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tish, sog‘lom ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish, jismoniy faollikni oshirish kabi profilaktik chora-tadbirlarning ahamiyati ham keng tushuntirib berildi.

Davra suhbatida universitetning ayol xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-qizlar hamda tyutorlar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi.

Tadbir yakunida shifokor-mamologlar tomonidan ishtirokchilar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Ushbu ko‘rik davomida ayollarga sog‘lig‘ini asrash, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish va kasalliklarni erta tashxislash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur uchrashuv nafaqat talaba-qizlar va ayol xodimlar salomatligini mustahkamlash, balki jamiyatda onkologik kasalliklar profilaktikasi madaniyatini yuksaltirishga ham xizmat qildi.

Scroll to Top