O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Bugun O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida mamlakatimiz ta’lim va sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalari va sud organlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, tomonlar huquqiy islohotlarni barqaror rivojlanish tamoyillari va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ham ta’kidladilar.

Muhokama jarayonida kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatdan oshirish, yuridik sohaga ixtisoslashgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda hamkorlik qilish, sud amaliyotiga oid dolzarb mavzularda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi masalalar bilan bir qatorda, ekologik qonunchilik, iqlim adolati, atrof-muhitni huquqiy himoya qilish va yashil siyosatlarni qo‘llab-quvvatlovchi huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslar ham ilgari surildi.

Shuningdek, kelgusida universitet talabalari uchun Oliy sud va uning tizimidagi tashkilotlarda amaliyot va stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ularning huquqiy barqarorlik, ekologik xavfsizlik va iqlim huquqi bo‘yicha bilim va tajribalarini kengaytirish imkoniyatlari yaratilishi belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum ikki muassasa o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional asosda mustahkamlash, ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi uzviy aloqani rivojlantirish hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda huquqiy adolatni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, tomonlar maxsus yo‘l xaritasi ishlab chiqish va imzolashga kelishib oldilar. Ushbu yo‘l xaritasi kelgusidagi qo‘shma tashabbuslarni tizimli amalga oshirish, xususan, iqlim xavfsizligi, ekologik qonunchilik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan aniq loyihalarni hayotga tatbiq etishda muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur hamkorlik nafaqat universitet talabalari uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi, balki mamlakatimiz sud-huquq tizimi uchun ham zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, ekologik va iqlim masalalarida mas’uliyatli mutaxassislar safini kengaytirishga xizmat qiladi.

Scroll to Top