O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari o‘rtasida huquqiy madaniyat va ogohlikni oshirishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universiteti Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakultetida yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni turli salbiy oqimlar ta’siridan himoya qilish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik davra suhbati tashkil etildi. Tadbir davomida huquqiy ong bilan bir qatorda, barqarorlik, ekologik xavfsizlik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalarida ham mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Mazkur tadbirda Olmazor tumani IIO FMB boshlig‘i, polkovnik M. Vafoyev, universitet rektori maslahatchisi J. Ruziyev, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Sh. G‘ulomov, fakultet dekani Z. Rahmonov hamda profilaktika katta inspektori, podpolkovnik A. Abdulhaqov ishtirok etdi.

Ma’ruzachilar yoshlarni yot va buzg‘unchi g‘oyalarga berilib ketmaslik, giyohvandlik va boshqa illatlardan saqlanish bilan bir qatorda, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda faol bo‘lish, ekologik qonunlarga rioya etish va yashil hayot tamoyillariga amal qilish zarurligini ham uqtirdilar.

Shu o‘rinda, qonunbuzarliklarning har bir shakli jamiyat xavfsizligi uchun xavf tug‘dirishi kabi, iqlimga zarar yetkazuvchi harakatlar ham kelajak avlod xavfsizligiga tahdid solishi ta’kidlandi. Yoshlarning o‘z bilim va intellektual salohiyatini nafaqat huquqiy, balki ekologik mas’uliyatli yo‘nalishlarga ham yo‘naltirib, Vatan ravnaqi va barqaror taraqqiyotiga xizmat qilishlari lozimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida talabalar ma’ruzachilarga huquqiy, ma’naviy, ijtimoiy va ekologik masalalarga oid savollar bilan murojaat qilib, atroflicha javoblar olishdi. Bunday muloqotlar yoshlar tafakkurini boyitish, ularning ijtimoiy va ekologik faolligini oshirish, huquqiy va barqarorlik bo‘yicha savodxonligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Scroll to Top