Kinologiya markazi xizmat itlarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi
2024-yil 10-oktabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi xodimlari tomonidan xizmat itlari ishtirokida talabalar uchun qiziqarli va ma’rifiy ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Ushbu tadbir universitet talabalari uchun nafaqat ko‘ngilochar, balki huquqiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ko‘rgazmali chiqishlar davomida xizmat itlarining bojxona nazoratida, noqonuniy mahsulotlar va giyohvand moddalarni aniqlashda, shuningdek, xavfsizlikni ta’minlashdagi yuqori malakasi namoyish etildi. Talabalar xizmat itlarining maxsus tayyorgarligi, ularni tarbiyalash va amaliy faoliyatdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Tadbir doirasida Milliy kinologiya markazi mutaxassislari talaba-yoshlarga giyohvandlik va boshqa illatlarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jamoat joylarida ogoh va mas’uliyatli bo‘lish kabi masalalarda muhim ko‘rsatma va tavsiyalar berdilar.
Mazkur tadbir yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ogohlikni kuchaytirish, vatanparvarlik va mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutdi. Shuningdek, talabalar uchun xizmat itlari faoliyatini yaqinidan kuzatish, ulardan ilhomlanish va huquq-tartibot tizimi xodimlari mehnatiga hurmat ruhini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.