O‘zMU talabalari uchun Markaziy bankning maxsus stipendiyasi joriy etiladi
2024-yil 12-sentabr kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Nosirovni qabul qildi. Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi istiqbollarni belgilash va barqaror rivojlanish tamoyillarini oliy ta’lim jarayoniga keng joriy etishga qaratildi.
Suhbat davomida universitet hamda Markaziy bank o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, talabalar va bitiruvchi yosh mutaxassislar uchun bank vakillari bilan muntazam jonli muloqotlarni tashkil etish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish maqsadida tizimli amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, yashil moliya, ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy mexanizmlar va iqlim o‘zgarishiga moslashuv bo‘yicha innovatsion bilimlarni keng yoyish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Milliy universitetida ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib yangi istiqbolli yo‘nalishlarni ochish, talabalarni zamonaviy moliyaviy va ekologik barqarorlik ko‘nikmalariga ega mutaxassislar sifatida tayyorlashning innovatsion mexanizmlarini joriy etish masalalarida ham fikr almashildi.
Tomonlar bakalavriat va magistratura bosqichidagi talabalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining maxsus stipendiyasi tanlovini o‘tkazishga kelishib oldilar. Ushbu tashabbus iqtidorli va bilimli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni moliya-bank sohasi bilan bir qatorda “yashil iqtisodiyot” va iqlimga do‘stona bo‘lgan loyihalar bo‘yicha ilmiy-amaliy faoliyatga keng jalb etish uchun muhim rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, hamkorlikni keng qamrovli va uzoq muddatli loyihalar asosida, xususan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish yo‘nalishida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.