“Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida tadbir tashkil etildi
Joriy yilning 13-mart sanasida Jizzax shahri “O‘rda” ekologik bog‘ida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar bo‘lib o‘tdi. “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbir doirasida ertalabki ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari, shuningdek, “Sog‘lom hayot uchun 5 000 qadam” hamda “Biz yoshlar yashil taraqqiyot uchun birlashaylik” kabi loyihalar amalga oshirildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi aholida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy faollikni oshirish va ekologik madaniyatni yuksaltirishdan iborat bo‘ldi. Ishtirokchilar birgalikda sport mashqlarini bajarib, sog‘lom hayotning ahamiyati, muntazam jismoniy faollikning inson salomatligiga ijobiy ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar oldilar. Shuningdek, ekologik mas’uliyatni oshirishga qaratilgan loyihalar orqali yoshlar yashil taraqqiyot, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish g‘oyalarini yanada chuqurroq anglab olishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali talaba-yoshlari ham faol qatnashib, o‘z tashabbuslari va g‘oyalari bilan jarayonni yanada boyitdilar. Ularning faol ishtiroki nafaqat sport va sog‘lom turmush tarzini
qo‘llab-quvvatlashda, balki jamiyatda ekologik ong va mas’uliyatni kuchaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur tashabbus yoshlarni sog‘lom hayotga yo‘naltirish, jismoniy va ma’naviy barkamollikka erishish hamda yashil taraqqiyot g‘oyalariga sodiq bo‘lishga undovchi muhim qadamlardan biri sifatida baholandi.