Barqaror rivojlanish jamoasi a’zosi «GEM — Silkway Central Asia Edition» yozgi maktabida ishtirok etdi.

2024-yil 24–28-iyun kunlari Qirg‘iziston Respublikasining go‘zal Issiqko‘l viloyatida xalqaro miqyosdagi muhim ilmiy-ma’rifiy tadbir — “GEM-Silkway Central Asia Edition: Sustainable Development at the Crossroad – European and Eurasian Countries in Dialogue” mavzusidagi yozgi maktab bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbir Milano-Bicocca universiteti (Italiya), Osh davlat universiteti (Qirg‘iziston) hamda L. N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti (Qozog‘iston) hamkorligida tashkil etildi.

Yozgi maktabning asosiy maqsadi Yevropa va Yevroosiyo mamlakatlari o‘rtasida barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari, tajriba almashish yo‘llari hamda istiqbolli yo‘nalishlarni chuqur tahlil qilishdan iborat bo‘ldi. Dars mashg‘ulotlari va seminarlar xorijiy yetakchi professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari tomonidan olib borildi. Ular o‘z ma’ruza va interaktiv mashg‘ulotlarida barqaror rivojlanish konsepsiyasining nazariy asoslari, amaliy qo‘llanilishi hamda ekologik muammolarga kompleks yondashuv haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Mazkur yozgi maktab ishtirokchilarga nafaqat barqaror rivojlanish tushunchasini chuqurroq anglash, balki atrof-muhitga e’tibor va muhabbatni mustahkamlash, uni asrashning innovatsion usullarini o‘rganish imkonini ham berdi. Shuningdek, qo‘shni davlatlardagi ekologik muammolarni birgalikda muhokama qilish, ularning yechimlari bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ishlab chiqish uchun yangi platforma yaratildi.

Tadbir yakunida ishtirokchi talabalar o‘zlari tanlagan mavzular bo‘yicha tadqiqot ishlari va tahlillarini taqdim etib, ta’sirchan va mazmunli prezentatsiyalar namoyish etdilar. Bu esa o‘zaro fikr almashish, tanqidiy tafakkur va ijodiy yondashuvni rivojlantirishga xizmat qildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu yozgi maktabda O‘zbekiston Milliy universitetining barqaror rivojlanish bo‘yicha jamoa a’zosi Abdukamolov Asrorbek faol ishtirok etdi. U barcha sessiya va muhokamalarda tashabbuskorlik ko‘rsatib, o‘zining bilim va g‘oyalari bilan qatnashchilar e’tiborini qozondi. Tadbir yakunida Asrorbek xalqaro tashkilotchilar tomonidan sertifikat bilan taqdirlandi, bu esa uning ilmiy va ijtimoiy faoliyatidagi navbatdagi yirik yutug‘i bo‘ldi.

Scroll to Top