O‘zbekiston Milliy Universitetida “Yashil energetikani boshqarish” mavzusida yozgi maktabi tashkil etildi.
2025-yil 23–28-iyun kunlari O‘zbekiston Milliy Universitetida “Yashil energetikani boshqarish” mavzusida yozgi maktabi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yozgi maktab Milano-Bicocca universiteti (Italiya), L. N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti (Qozog‘iston), Osh davlat universiteti (Qirg‘iziston), O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Navoiy Innovatsiyalar universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Yozgi maktabda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya, Albaniya va Fransiya davlatlaridan talabalar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida xalqaro va mahalliy mutaxassislar tomonidan barqaror rivojlanish, yashil energetika, iqlim o‘zgarishi va ekologik xavfsizlik kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar va seminarlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari, chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari hamda uglerod izini kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash maqsadida, yozgi maktab yakunida ishtirokchilar o‘zlari tanlagan mavzular doirasida qiziqarli taqdimotlar namoyish etdilar. Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Universitet rahbariyati ta’kidlaganidek, bunday tadbirlar butun dunyo yoshlarini birlashtirib, global atrof-muhit muammolariga e’tibor qaratish, yoshlarda ekologik ongni shakllantirish va ularning innovatsion yechimlar taklif etishi uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi.